JULQUNBOY
Abdulla Qodiriy
Suddagi nutq (1926)
Men
1926 yilning 10 nchi yanvardan 10 nchi fevraligacha otpuskaga ketib,
dam olib yurganimda, bu «Yig‘indi gaplar» nomli maqolani yozg‘onman.
Otpuskadan qaytqandan so‘ngra, 14-15-chisloda navbatdagi chiqaturg‘on
«Mushtum» jurnalining soni uchun materiallar tayyorlag‘onimda, ularning
ichida bu maqolani ham qo‘shib mas'ul muharrir Komil Alimovga olub
borg‘onman. Mas'ul muharrir Komil Alimov haligi «Yig‘indi gaplar» nom
maqolani menim qo‘lumdan olib, o‘zining kabinetida baland ovoz bilan
o‘qub berdi. Ul maqolani o‘qub bergan vaqtida, uning kabinetida o‘rtoq
G'ozi Yunus, Sanjar Mirmahmudov va qonto‘rshik (kontorachi - Sh. Q.)
Xaluchaev bor edi. Mas'ul muharrir Alimov maqolani o‘qugan vaqtida,
ba'zi joylarini xato o‘qug‘oni uchun men tuzatib turdim. Keyin, o‘quv
tamom qilg‘ondan so‘ng, «xo‘b, bostiraylik», dedi ham «yaxshi ketdi»,
deb qo‘shimcha qildi va men bostirg‘onman, chunki Alimov ijozat
bermagan holda, tabiiy, maqolaning materiali yirtqilanib tashlansa
kerak edi.
Maqolani, mas'ul muharrir Alimovga kursatmasdan
ilgari, Ziyo Saidiyga ham o‘qub bergan, xuddi boshlag‘onimda hodisaning
tepasiga Xurshid ham kirib qoldi. Men o‘qub bergandan so‘ng, «ko‘b
yaxshi ketdi» deb maqtab yubordi. Bu anglashilmovchilikdan ilgari
rasmiyat ya'ni idoraga kelgan maqolani bostirish yoki bostirmaslik
to‘g‘risida muharrir rezolyutsiya solmas edi. O'shaning uchun bu maqola
rezolyutsiyasiz bostirilg‘on. Rasmiyat faqat jurnalning 28-sonidan
boshlandi.
Bu maqola faqat kulgu tariqasida yozilg‘on, hech bir
hukumatga yoki siyosatga tegadigan joyi yo‘q. Maqola bosilub, jurnal
tarqalg‘ondan so‘ngra, besh-o‘n kuncha o‘tkandan so‘ngra, Alimov
Samarqanddan qaytub keldi va meni o‘zining oldiga chaqirtirib, «nimaga
bostirding, men ijozat bermagan edim», dedi. Men «sen ijozat berding,
men bostirdim»», deb janjallashdim.
Maqolani Alimovning
kabinetida o‘qug‘onda, Ziyo Saidiy yo‘q edi ham kirgan emas, shaxsiy
adovatga ketub, «bor edim», deb gapiradur.
Bu guvohlarning
mundoq gapirishi faqat shaxsiy adovatdan iborat, chunki biron vaqt
jonlariga tekkan bo‘lsam kerak, ammo qay tariqada ularg‘a gap
tegdirganimni ayta olmayman. Guvoh Ziyo Saidiyni og‘zaki tanqid qilar
edim. Matbuotda tanqid qilg‘onim yo‘q. Qisqasi, umuman, Ziyo Saidiy va
boshqalar manga qarshi bo‘lg‘onlari uchun yolg‘ondan guvohlik
beradurlar.
«Yig‘indi gaplar» maqolasini ma'nisi, kelgan-ketgan gaplar, degan so‘zdir ham faqat kulgi tariqasida yozilg‘ondir...
Manim
27 nchi son «Mushtum» jurnalidagi «Yig‘indi gaplar» sarlavhalik kulgi
maqolam ham shu asoslarga solinib yozilg‘on sajiyaviy chin kulgi edi.
Mazkur maqoladagi maqsadim, kulgi mezoni bilan xarfat jadidga
oling‘onda, quyidagi mazmunlar har kimga, har bir go‘dakka oshkora
bo‘ladur: Maqalaning birinchi ustun to‘rtinchi yo‘lidagi «O'zbekning
ishchisi, dehqoni, maorifi, shaltay-baltayi alx uxlaydi» (alx - hammasi
barchasi) jumlasi faqat mubolag‘a maqomida qo‘llang‘on bir gapdir.
Mundan boshqa ma'nolar chiqarish xayolot yoki vasvasadir. Zero, boshida
bir oz muhokamasi bo‘lg‘on har bir kishi O'zbekistonning Ulug‘ Uktabr
inqilobig‘acha bo‘lg‘on holi bilan, Uktabrdan keyingi to‘qqiz yil
ichidagi intibohini (uyg‘onish) (ijtimoiyatda, ilm va madaniyatda,
xulosa ham bir jabhada) chiqishdirib ko‘rsa, o‘zini tamoman boshqa bir
olamda his etadir. Bas mundagi jumla mubolag‘a orqalik ishchi-dehqonni
qitiqlash, ya'ni uni yana ham yuqori tomonga qarab sudrash maqsadida
keltirilgan: Bu jumla zohiriy tuzulishdan mubolag‘a-kulgi, ichki
ma'nodan qitiqlash. Turmushdan misol keltirilganda, masalan: Toshpo‘lat
akaning bir o‘g‘li bor; Toshpo‘lat aka o‘g‘lining ishga ixlosini, o‘z
ishida muvaffaqiyatini yaxshi biladir. Lekin shundog‘ bo‘lsa ham,
o‘g‘lini «sen yalqovsan, odam bo‘lmaysan!», deb kamsitadir. Bu
kamsitish, ya'ni po‘pisa, kamsitilg‘uchining chindan ham yalqov va
g‘aflatda ekanini ko‘rsatmaydir, balki uning yana ham izlatishga va o‘z
nuqsonini qidirib tag‘in ham yuqorilanishga xizmat etadir.
Давоми бор