Men
1926 yilning 10 nchi yanvardan 10 nchi fevraligacha otpuskaga ketib,
dam olib yurganimda, bu «Yig‘indi gaplar» nomli maqolani yozg‘onman.
Otpuskadan qaytqandan so‘ngra, 14-15-chisloda navbatdagi chiqaturg‘on
«Mushtum» jurnalining soni uchun materiallar tayyorlag‘onimda, ularning
ichida bu maqolani ham qo‘shib mas'ul muharrir Komil Alimovga olub
borg‘onman. Mas'ul muharrir Komil Alimov haligi «Yig‘indi gaplar» nom
maqolani menim qo‘lumdan olib, o‘zining kabinetida baland ovoz bilan
o‘qub berdi. Ul maqolani o‘qub bergan vaqtida, uning kabinetida o‘rtoq
G'ozi Yunus, Sanjar Mirmahmudov va qonto‘rshik (kontorachi - Sh. Q.)
Xaluchaev bor edi. Mas'ul muharrir Alimov maqolani o‘qugan vaqtida,
ba'zi joylarini xato o‘qug‘oni uchun men tuzatib turdim. Keyin, o‘quv
tamom qilg‘ondan so‘ng, «xo‘b, bostiraylik», dedi ham «yaxshi ketdi»,
deb qo‘shimcha qildi va men bostirg‘onman, chunki Alimov ijozat
bermagan holda, tabiiy, maqolaning materiali yirtqilanib tashlansa
kerak edi.
Maqolani, mas'ul muharrir Alimovga kursatmasdan
ilgari, Ziyo Saidiyga ham o‘qub bergan, xuddi boshlag‘onimda hodisaning
tepasiga Xurshid ham kirib qoldi. Men o‘qub bergandan so‘ng, «ko‘b
yaxshi ketdi» deb maqtab yubordi. Bu anglashilmovchilikdan ilgari
rasmiyat ya'ni idoraga kelgan maqolani bostirish yoki bostirmaslik
to‘g‘risida muharrir rezolyutsiya solmas edi. O'shaning uchun bu maqola
rezolyutsiyasiz bostirilg‘on. Rasmiyat faqat jurnalning 28-sonidan
boshlandi.
Bu maqola faqat kulgu tariqasida yozilg‘on, hech bir
hukumatga yoki siyosatga tegadigan joyi yo‘q. Maqola bosilub, jurnal
tarqalg‘ondan so‘ngra, besh-o‘n kuncha o‘tkandan so‘ngra, Alimov
Samarqanddan qaytub keldi va meni o‘zining oldiga chaqirtirib, «nimaga
bostirding, men ijozat bermagan edim», dedi. Men «sen ijozat berding,
men bostirdim»», deb janjallashdim.
Maqolani Alimovning
kabinetida o‘qug‘onda, Ziyo Saidiy yo‘q edi ham kirgan emas, shaxsiy
adovatga ketub, «bor edim», deb gapiradur.
Bu guvohlarning
mundoq gapirishi faqat shaxsiy adovatdan iborat, chunki biron vaqt
jonlariga tekkan bo‘lsam kerak, ammo qay tariqada ularg‘a gap
tegdirganimni ayta olmayman. Guvoh Ziyo Saidiyni og‘zaki tanqid qilar
edim. Matbuotda tanqid qilg‘onim yo‘q. Qisqasi, umuman, Ziyo Saidiy va
boshqalar manga qarshi bo‘lg‘onlari uchun yolg‘ondan guvohlik
beradurlar.
«Yig‘indi gaplar» maqolasini ma'nisi, kelgan-ketgan gaplar, degan so‘zdir ham faqat kulgi tariqasida yozilg‘ondir...
Manim
27 nchi son «Mushtum» jurnalidagi «Yig‘indi gaplar» sarlavhalik kulgi
maqolam ham shu asoslarga solinib yozilg‘on sajiyaviy chin kulgi edi.
Mazkur maqoladagi maqsadim, kulgi mezoni bilan xarfat jadidga
oling‘onda, quyidagi mazmunlar har kimga, har bir go‘dakka oshkora
bo‘ladur: Maqalaning birinchi ustun to‘rtinchi yo‘lidagi «O'zbekning
ishchisi, dehqoni, maorifi, shaltay-baltayi alx uxlaydi» (alx - hammasi
barchasi) jumlasi faqat mubolag‘a maqomida qo‘llang‘on bir gapdir.
Mundan boshqa ma'nolar chiqarish xayolot yoki vasvasadir. Zero, boshida
bir oz muhokamasi bo‘lg‘on har bir kishi O'zbekistonning Ulug‘ Uktabr
inqilobig‘acha bo‘lg‘on holi bilan, Uktabrdan keyingi to‘qqiz yil
ichidagi intibohini (uyg‘onish) (ijtimoiyatda, ilm va madaniyatda,
xulosa ham bir jabhada) chiqishdirib ko‘rsa, o‘zini tamoman boshqa bir
olamda his etadir. Bas mundagi jumla mubolag‘a orqalik ishchi-dehqonni
qitiqlash, ya'ni uni yana ham yuqori tomonga qarab sudrash maqsadida
keltirilgan: Bu jumla zohiriy tuzulishdan mubolag‘a-kulgi, ichki
ma'nodan qitiqlash. Turmushdan misol keltirilganda, masalan: Toshpo‘lat
akaning bir o‘g‘li bor; Toshpo‘lat aka o‘g‘lining ishga ixlosini, o‘z
ishida muvaffaqiyatini yaxshi biladir. Lekin shundog‘ bo‘lsa ham,
o‘g‘lini «sen yalqovsan, odam bo‘lmaysan!», deb kamsitadir. Bu
kamsitish, ya'ni po‘pisa, kamsitilg‘uchining chindan ham yalqov va
g‘aflatda ekanini ko‘rsatmaydir, balki uning yana ham izlatishga va o‘z
nuqsonini qidirib tag‘in ham yuqorilanishga xizmat etadir.
Mazkur
jumladan keyingi: «Ammo o‘choq boshini xoli topqon olaqarg‘alar bo‘lsa,
xo‘bam bilgan noma'qulchiligini qilyapti?» jumlasidirki, mazmuni
hammaga ham yashirin emas: Chor va sarmoya hukumatining O'zbekistonda
qolg‘on va qo‘y terisiga burkanib eski xo‘jaliqni dimog‘idan
chiqarolmog‘on jonivorlari hamon sho‘ro idoralarida hukm suradirlar.
Albatta ular qo‘llaridan kelganicha, ishchi-dehqon iqtisodiga va shu
vosita orqaliq uning maorif va madaniyatig‘a zarba berishga
tirishadilar. Ham zararlikda shular qatoridan qolishmaydirg‘on, faqat
o‘z shaxsiy rohati yo‘lida elni emib, qayg‘usiz, g‘oyasiz, echkining
oti Abdukarim bo‘lib, yetmasa ig‘vogarlik bilan kun kechiruvchi
o‘zining ba'zi stolparast, tanparast shaxslarimizdan kinoyadir. Mundan
keyingi - «Qilaversin, egasiga tovoq-qoshiq kerak bo‘lsa, axir bir kun
qatron-patron qilub olarov, og‘ayni! Ishqilub o‘lmasdan bahorga chiqib
olsamiz bo‘limti...» Bu yerdagi ega ishchi, dehqondir va chiqiladirg‘on
bahor ularning yuksalib chin sotsializmga yetishmaklaridir. Ya'ni
ishchi-dehqonlarimiz iqtisodan yuksalib, ma'rifatan yuqorilashsalar,
o‘shanday zararliq mustamlakachi va boshqa unsurlardan qutilurlar,
qatron qilib ularni yo‘qoturlar, yuvarlar, degan ma'noda.
«Yerlilashdirish,
o‘zbeklashdirish...alx». - Bizda bir xil kishilar bor, ya'ni
ziyolinamolar. O'zlari amalda bir pullik ish qilmaydirlar, ammo og‘izda
ko‘cha sasitib, hasratlanub yuribdurlar. Mazkur jumlalar o‘shanday
ishsiz, faqat hasratigagina tayang‘on unsurlardan kinoyadir. Masalan:
«Yerlilashdirishdan hech bir natija chiqmadi, falon ish bilan munday
holatga tushdim, hasratingni kimga aytasan», deb yurguvchi oliftalarga
hamma vaqt uchrashiladir. Ovsar bo‘lsa ularga «bibigni oldiga hasrat
qil, hezlar!», deb zaharxanda qiladir. Yuqorida zikr qiling‘onidek,
maqsadlari faqat mansabdan, kayfu-safodan iborat bo‘lg‘on unsurlar
bizda hali quritilg‘on emaslar va bunga gazeta betlaridagi xabar va
shikoyatlar onli shohiddir va shular qatorida haligidek quruq
hasratchilar ham yo‘q emaslar. Ammo bularning qarshisida joni bilan,
tani bilan ishchi-dehqon saodatiga qurbon bo‘lib bosh tikkanlar ham
ko‘b, jumladan, o‘rtoq Oxunboboev buning timsoli mujassamidir. Ul har
qachon, har yerda kamchilik va nuqsonlarimizdan so‘zlab, buning uchun
choralar, tadbirlar izlashga, ham ishchi-dehqon saodati yo‘lidag‘i
to‘siq g‘ovlarni olib tashlamoq uchun barchani ko‘makka chaqiradir.
Birinchi
ustunning 25 nchi yo‘lidan boshlab, ikkinchi ustunning 4 nchi
yo‘ligacha bo‘lg‘on o‘rtoq Oxunboboev to‘g‘risidagi gaplar yolg‘iz
uning shu sifatidan kinoyadir. Masalan, faqat ko‘cha sasitib, og‘zaki
g‘ishg‘ish qilib yurgan anavi hasratchilar qarshisida o‘rtoq Oxunboboev
aktivniy ravishda majlis va gazetalarda kamchiliklarni chertib otadir.
«Hali-ku bu og‘zaki g‘ishg‘isha, ammo kechagi kun gazetada... alx» (5
nchi yo‘l, birinchi ustun), muqaddimasi shuni ifodalaydir.
Ikinchi
ustun 5-6 nchi yo‘llardagi, - «Shukur qorning to‘q, qayg‘ing yo‘q, bas
tinchkina oqsoqollig‘ingni qilaversang bo‘lmaydimi?» jumlasi shaxsiy
hazil bo‘lishi barobarida, yuqorida zikr qiling‘on qorni to‘q, boshqa
qayg‘usi yo‘q unsurlardan zamzamadir. Ya'ni, aytilmakchikim: Ey
Oxunboboev! Nega sen ham o‘shalardek qorningni silab yotsang
bo‘lmaydimi? Ammo bu jumladan anavi tanparastlarga onglatilmoqchi
bo‘ling‘on, aytilmak istalingan ma'no bundaydur: Ey Abdulhaqlar va ey
tan bandalari, o‘rtoq Oxunboboevdan nega namuna olmaysizlar, ul
sizlarga o‘xshash qornim to‘q, qayg‘im yo‘q, deb tinchkina yotibdirmi?
(Mana shu o‘rinda aytilgan ma'noni quyidagi jumlalar, ya'ni kulguning
ketishi ham ta'kidlaydur).
Ikkinchi ustun 7 nchi yo‘ldan
boshlab, 13 nchi yo‘lning oxirigacha bo‘lg‘on «tuzuk,
chaqirim-paqirimingga manim ham qarshilig‘im yo‘q...» jumlasi esa
o‘rtoq oqsoqolning mazkur ma'ruzasini darhaqiqat iltifot etishga loyiq
bir tsifr ekanini, bizning to‘kis maorif madaniyatgag erishmagimiz
uchun yana katta fidokorliklar kerakligini ko‘rsatib anglatish uchun
keltirilgan.
Ikkinchi ustun 17 nchi yo‘ldan boshlab, «Shu
zamondagi ba'zi odamlarga ajab hayron qolaman, bir ming bolag‘a bitta
maktab bo‘lsa nimayu, o‘n ming bolag‘a bitta to‘g‘ri kelsa nima
qayg‘i?» jumlasi bilan, yana yuqorida aytganimcha, o‘rtoq oqsoqolning
chindan ishchi-dehqon maorifi va boshqasi uchun g‘amxo‘r va bosh
og‘ritganini ko‘rsatmakchi va shu gunohi, ya'ni mazlum xalq
maorif-madaniyati yo‘lida o‘z-o‘zini mashaqqatlagani uchun ovsarona uni
shiltalamakchidirman. Bundog‘ kinoyalik madh aksar xalq orasida
iste'mol qilinadur. Masalan, tirishqoq va jonkuyar bo‘lg‘on ikkin birov
o‘zini ovsarlikka solib, «qo‘y, nima kerak senga shuncha tashvishni!
Shukr, bir kuning bo‘lsa o‘tib turirdur: Besh kunlik dunyoda sen ham
tinchkina yursang-chi?» - deyidirlar.
Ikkinchi ustun 20 nchi
yo‘ldan boshlab, 3 nchi ustunning beshinchi yo‘ligacha bo‘lg‘on «muddao
mirzaboshilarni ko‘paytirib idoralarni yerlilashtirish bo‘lsa... alx»
kulgulari yolg‘iz o‘rtoq Oxunboboevnigina emas, balki boshqa o‘rtoqlar
diqqatini ham yerlilashdirish va madaniy maorif ishlariga jalb qilish
uchun qo‘llanilg‘ondir.
Ma'lumki, bizda ikki xil ziyolilar bor:
1) eski, ya'ni Uktabrgacha bo‘lg‘on ziyolilar; 2) Yangi Sho‘ro
ziyoliylari, takrorga hojat yo‘q; Inqilobgacha bo‘lg‘on va Uktabrdan
keyingi ziyoliylarni yetishtirgan omillar va sharoit hammaga ma'lum.
Shuning uchun, men ularni tahliliga kirishmay mazkur «Mushtum»
sonidag‘i ziyoliylar haqida bo‘lg‘on kulguligim ustida gapiraman.
Uchinchi
ustun 15 nchi yo‘ldan boshlab, to 35 nchi yo‘lg‘acha bo‘lg‘on gaplar
mazkur ikki xil ziyoliylarni tekshiruv maqsadida yozilg‘ondir. Masalan,
«O'rtoq Akmal (Ikromov) Cho‘lponboyning... she'ri bilan ziyoliylarning
aftiga tufurgani holda, yana nima uchundir, hezlar tavba qilsa, ularga
firqaning quchog‘i ochiq! - deb, qo‘yadir. Darhaqiqat, hezlar tavba
qilsa, o‘rtoq Akmal bu tavbaga ishonadimi, yo‘qmi ammo unga aytadirgan
gapim bor...» Bu jumlalar ziyoliylarni firqa ko‘zida tavba qilg‘on
bo‘lib ko‘rinub, riyokorlik qilmasinlar, tavbalari quruq so‘z berishdan
iborat bo‘lmasin maqsadida aytilgan. Mundagi harfan kuzatilgan muddao
ersa mundog‘: Ey, ziyolilar! Sizlardagi ba'zi birilaringizning yaqin
moziydagi kambag‘allar ho‘kumatiga bergan zararlaringiz maydonda,
buning uchun mehnatkashlar aftlaringizga tuflasalar haqlidirlar.
Mehnatkashlarning quchog‘i bizga ochiq ekan, deb riyo bilan
mehnatkashlar ishiga aralasha ko‘rmangiz, chunki mehnatkashning
aqli-hushi boshida, yaqin o‘tkan kunlaringiz uning ko‘z o‘ngida. Ey,
o‘rtoq, Akmal, agar ulardan birtasi mazkur riyokor munofiqlik holatida
ishga aralashadirg‘on bo‘lsa, sen bunga hazir bo‘l, ehtiyot tur! Ammo
tavba to‘g‘risida senga aytadurg‘on so‘zim bor: «Men har kuni xudog‘a
to‘qqiz martaba osiy bo‘lib, o‘n sakkiz martaba tavba va istig‘for
aytaman». Ya'ni bu gapdan murod, ularning tavbalari bizdagi oddiy
ma'noda yurgan tavbadan bo‘lmasin. Bu kungi firqa oldida qilinadurg‘on
tavba tamoman yangi, chin ma'nodagi tavba bo‘lsin, har kuni to‘qquz
martaba istig‘for aytib, o‘n sakkiz martaba qaytadurg‘on tavbadan
mehnatkashlarga foyda yo‘q.
«Tavbaga bo‘yin bukkan banda
bandalarning eng yaramasidur, qulluq bunyod qilg‘on rasvo, rasvolarning
yana ashaddiy rasvosidir». Bu jumla bilan, o‘sha oddiy ma'noda bo‘lg‘on
tavbani inkor qilinadir, ya'ni tavba qulliqdir, bo‘yin egish
bandalikdir, banda esa haqiqatga tushunib emas, kuchlanib, ojizlanib
bo‘yin bukadir. Bas, bu holdagi tavba-tavba emas, balki shaxsiy
ixtiyorni, muhokamani qo‘ldan berib odamgarchilikdan chiqishdir. Bu
dunyoda tavba, qulluq qilish bo‘lmasin, chunki bu rasvolik, ammo
haqiqat oldida bo‘yin egish bo‘lsin. Uzing bir haqiqatga qonmay turib
va o‘zingning xatoyingga tushunmay turib, faqat ojizdan qiling‘on
tavba-tavba emas, ham o‘zgani aldashdir, rasvolikdir.
«O'z
butunlig‘ini saqlay olmag‘on boshqaga yeng bo‘lolmaydir». Bu jumla
yuqorida aytilgan ixtiyoriy shaxsni takrorlaydir. Ya'ni, shaxsiy
butunlik, mustaliq shaxsiyat qulliq bilan ziddir. Shaxsiy ustunlig‘i
bo‘lmag‘on, ya'ni o‘zida haqiqatni ixtiyor qila bilish kuchi
topolmog‘on ojiz, ixtiyorsiz odamlar jamiyat uchun foydalik va chin
a'zo bo‘lolmaslar. Chunki, aksar munofiqlik va maydalik ixtiyorsiz ham
o‘ziga ishonchsiz va imonsiz kishilardagina gavdalanishi ilmiy ravishda
isbot qiling‘ondir.
Meni ma'yublar kursisiga o‘tqizg‘on
«Yig‘indi gaplar» maqolasining asli kuzatkani va yozg‘uvchisining
maqsadi yuqorida mazkur sharhlardan iboratdir. Bundan boshqa ma'nolar
chiqarib turlik ehtimollarga borib qaytish o‘rinsizdir. Agar ba'zi
o‘rtoqlar shunday mulohazalarga ketkan ekanlar, bu esa kulgulikning,
ayniqsa adabiy kulgulikning bizda hali yoshlig‘idan va o‘zlashib
ketmaganligidan keladir. Shuni ham aytib o‘tishni, yodlaringizga
solishni lozim topamanki, kulgi maqoladagi mustaor imzo maqolaning
harakatiii aksar vaqt o‘z tarafiga burib yuritadilar ya'ni muzika
yozg‘uvchining mustaor shaxsiga loyiq gaplar, jumla va ta'birlar
orqasidan ergashadur, maqolaning imzosi «Ovsar» qo‘yilgan, demak undagi
ko‘b ta'bir ifodalar ovsarona, daliyonadir. Tentakni tentak tinglaydir
deganlaridek, kulgulikdagina emas, umuman sajiyaviy adabiyotga yaqin
turg‘on kishilar bu maqolani shu nuqtadan qarab tekshirsalar yana ham
haqiqat ochiladur. Masalan, manim kulgulikda ishlataturgan necha turlik
mustaor imzo ya'ni qahramonlarim bor: Kalvak Maxzum, Toshpo‘lat, Ovsar,
Dumbul, Shilg‘ay va boshqalar. Agar siz shu imzolar bilan yozilgan
kulguliklarni tekshirib chiqsangiz, munda asli yozg‘uvchining shaxsini
tamoman ko‘rolmaysiz, faqat so‘zni imzo egasining o‘z og‘zidang‘ina
eshitasiz. Kalvak Maxzumni o‘qing: Ko‘bdan haqiqiy hayot bilan aloqasi
uzilgan, madrasa xurofoti ilan miyasi g‘ovlag‘on xolis bir mahalla
imomini ko‘rasiz. Toshpo‘latni o‘qing: Ishsiz, biri bit, biti sirka
bo‘lmag‘on va shu faqirlik orqasida o‘g‘rilik va fahshiyat dengizida
suzib tajanglangan xolis bir chapanini ko‘rasiz. Ovsar va Dumbullarni o‘qing va tekshiring, hokazo.
Odil
sidlardan so‘raymankim, men ayblangan maqolani, manim ustimda turlik
shubhalar tug‘dirg‘on kulgulukni shu yuqorida sanalg‘on mezonlarga
solib tekshirilsa va hukum berilsa ekan. Kulgulikda ular aytkandek
yomon niyat bilan yashirilg‘on hech bir ma'no yo‘q. Harna yozilg‘oni
bir «Ovsar» tilidan faqat ishchi-dehqon manfaati kuzatilib aytilgan,
hukumat kishilariga bo‘lg‘on gaplar o‘rtoqlik hazili, shaxsiy mazoxor,
mundan boshqa gaplar, ma'nolar bo‘lsa yuqorida bir daraja ta'dod
(sanamoq -Sh. Q.) qilub o‘tdim. Shohidlardan oliy Sudga men
qoralang‘uvchi - qora kursida o‘ltirg‘uvchining faqat shaxsiy adovat
orqasida bu holda tushunganim yaxshi anglashildi, deb bilaman. Mundog‘
bo‘lsa ham, yana bir daraja shohidlarning o‘z so‘zlaridan yasab,
adolatlik sudlarning xotirlariga tushurib o‘taman:
1.
Guvohlardan o‘rtoq Levchenkoning so‘ziga qarag‘onda, O'rta bsiyoda
siyosiy jihatdan yuqori o‘rinni ushlagan «GPU» 27 nchi sonning dunyoga
chiqarilishiga ruxsat bergan. Ya'ni «GPU» ning ruxsat berishidan shu
ma'no anglishiladirkim, manim mazkur sondag‘i «Yig‘indi gaplar» maqolam
sudlarga ilmiy va adabiy yo‘lda sharhlab berganimdek, zararsiz,
nafsoniyatlar aytgan ma'noda emasdir. Ham shundoq bo‘lishi tabiiy.
Yo‘qsa, har bir nuqtani erinmay tekshirish bilan mashhur bo‘lgan
siyosiy idora 27 nchi son «Mushtum» ning dunyoga chiqarilishiga yo‘l
qo‘ymas va ruxsat bermas edi. Ammo bir necha shaxslar bu maqolani
o‘zlarining, bilmadim, qandog‘dur tarozulariga solib, zararlik
topishlari ersa, g‘arazgo‘ylik, tirnoq ostidan kir izlashdan boshqa
narsa emasdir.
2. Xurshid Sharaf, ma'lumki, olg‘on ta'limoti
bo‘yicha meni qoralamoqchi bo‘ladi. Lekin, o‘rislarning «bigizni
qopda... alx!,» degan maqollaridek, uning menim ustimda bo‘lg‘on
tuhmatlari, bo‘htonlari o‘zining bergan javoblari orasida «manaman» deb
qopning qornini yorub chiqib turadi. Xurshidi tobon deganimiz o‘zini
jinnilikka - tentaklikka solib qaradi. Ammo adolatlik sudlarning
to‘g‘ri tekshirishlari haqiqatni ocha borub, yolg‘on shohidni obdon
dovdiratdi, alvon rangga kirgizdi. Men uning dovdir shahodatining hamma
nuqtalari ustida to‘xtamayman. Chunki, ular mufassal ravishda, sudning
zabtnomasiga kiritilgandir. Ammo shunigina aytib qo‘yamanki, Xurshid
deydir: «Mirmuhsin - men «Bon-bon» degan manzumasini «bosilmas...»
degan edim», deb aytdi». Bu gap bilan Xurshid, o‘rtoq Mirmuhsinning bir
vakolatini sodiqona ado etmoqchi edi. Biroq taassufki, muvaffaqiyatlik
chiqmadi. Xurshid o‘zining boshqa shahodatlari kabi «Mirmuhsin
bosilmasin deb rezolyutsiya qo‘yg‘ondi men asrab turg‘on edim», - desa
ixtimolki, manim ustimga og‘ir yukni qo‘yub, egasiga sodiq qolg‘on
bo‘lar edi.
3. Ziyo Saidning haqiqatqa teskari, shahodati
to‘g‘risini uning Kommunistik vijdoniga havola qilaman. Ammo bir necha
nuqtalari ustida to‘xtab olishga majburman: «Muharrirning xonasiga
kirub, Komil bilan Julqunboyning janjallari ustidan chiqdim», deydir.
«Orada Sanjar bilan G'ozi Yunus ham bor edi», deydir. «Undan so‘ng
matbaaga tushib, arxivni axtarib yursam, «Bon-bon» manzumasi chiqdi,
qarasam «Bosilmasin. M.» deb imzo qo‘yilg‘on ekan, lekin o‘zim
Xurshidning «Bahri qadam» maqolasini olish uchun borgan edim», deydir.
«Shundan keyin «Bon-bon»ni papkamga solub, idoraga olib bordim, undan
so‘ng tergovga topshirdik», deydur. Ziyo Saidning bu so‘zi nimani
anglatadir? Uning bu so‘zidan aniq shu kelib chiqadikim, ul «Bahri
qadam» maqolasini olish uchun bormag‘on, balki menga 114-statyani
berdirish niyati bilan borg‘on. Chunki, qonunan lozim ediki, arxivni
qarag‘anda, yoniga xolis kishilarni chaqirub tekshirish va akt qilish.
Mana bu tomondan ham manim ustimga ishlangan soxtagarlik o‘z og‘zi
bilan aytub turadur. Yanada Ziyo Saidning kecha bergan javobi ichidagi
- «Mushtum»da bosilishi muvofiq ko‘rilganligi rezolyutsiya qo‘yilmag‘on
maqolalar ham bo‘lar edi, - degan so‘zi ham odil sudlar uchun shoyoni
diqqatdir.
4. Endi obllitning sarkotibi o‘rtoq Milkov ustida
to‘xtayman. Men to‘g‘rilik orqasida, bosh ketsa «ix» deydirgan yigit
emasman. Muqaddimadagi so‘zimda aytdim: Men o‘sha kun matbaaga
tushganimda, yolg‘iz «Yig‘indi gaplar»dagina emas, balki boshqa
materiallarda ham obllitning shtampasi yo‘q edi. Endi bugun hayron
qolaman, bundagi shtamplar qayoqdan keldi, yoki bunda ham manim ustimga
bir yuk ortmoqchi edilarmi? O'rtoqning dabba javobidan ma'lum
bo‘ladirkim, bu orada har bir nayrang qurmoqchi bo‘lg‘onga, ishni
chalkashtirub menim boshimni qotirib, dovdiratmoqchiga o‘xshaydirlar.
Darhaqiqat, gap shunday bo‘lmasa, obllit degan mas'ul bir o‘rinda
o‘ltiruvchi o‘g‘il bolaning javobini qarang emish firqa o‘rgani
bo‘lg‘oni uchun «Mushtum»ning materiallari tekshirilmasdan, ustiga
shtamp bosilib berilar ekan. Bu holda, jurnalning obllitning ruxsatisiz
chiqara berishi lozim bo‘lmasmidi? Har bir sahifa materialga shtamp
bosishning nima hojati va kartochka yozishning qanday zarurati bor edi?
Bu masala juda muammo. Tuzuk, obllitning ruxsati, ya'ni shtampasi
bo‘lishi manim uchun zararlik emas, lekin o‘zim matbaada materialni
ko‘rgan chog‘imda shtampa yo‘q edi...
Qisqacha tarjimai holimni
bayon etib, so‘zimning oxirida shuni aytmoqchiman: Maqolani zararsiz va
jurnalga muvofiq topib bosishga ruxsat berguvchi Komilning o‘zi edi. Bu
kun o‘z lavzidan qaytib, vijdoni oldida qip-qizil ajiva bo‘lg‘uvchi,
meni qoralag‘uvchi va ustimga boshqa bo‘htonlarni taqig‘uvchi ham uning
o‘zi bo‘ldi. Uch oylardan beri, matbuot sahifalarida o‘rinsiz va
boshqa, faqat menga qaratilis bo‘lg‘on haqsiz hujumlar,
anglashmovchiliklar, bemaza isnodlar va jimjimalik zamzamalarning bosh
omili ham shubhasiz Komil va sheriklari edi. Xulosa, adovat mamlakat
rangida bo‘yaldi.
So‘zimning oxirida, o‘zimning asli g‘oya va
maslagim bilan ham hozirimni qisqacha tanishtirib qo‘yayin: Men Sharq
ozodlig‘ini va uning mazlum proletariat saodatini faqat - Leninizm
orqasida vujudga chiqishig‘a ishongan bir kishiman. Bu gapni sizning
beradurgan jazoingizdan qo‘rqib emas, balki vijdonim, imonim tazyiqi
ostida so‘zlayman. Lekin bu ozodlikdag‘i chin kurashuvchilar - lavzsiz
qo‘rqoqlar, shaxsiy adovat orqasidan baxt qutquchi mayda kishilar
bo‘lolmaslar; ammo o‘rtoq Leninning sog‘lom, ulug‘, g‘azamatsiz,
g‘idirsiz yo‘lig‘a tomon xolis niyatda bel bog‘lag‘uvchi
qahramonlargina bo‘lurlar. Manim haqimda kim nima desa desin, lekin men
Marks va Leninning haroratlik shogirdiman, chunki, men Lenindan ruh
olib, Marksdan ilhomlandim.
So‘zim oxirida odil sudlardan
so‘rayman: Garchi men turlik bo‘hton, shaxsiyat va soxtalar bilan, ham
anglashilmovchiliklar orqasida, ikkinchi oqlanmaydurg‘on bo‘lib
qoralandim. Loaqal ularning, qoralovchi qora ko‘zlarning ko‘ngli uchun
bo‘lsa ham, menga eng oliy bo‘lg‘on jazoni bera ko‘ringiz. Ko‘nglida
shamsi g‘uboroti, teskarichilik maqsadi bo‘lmog‘on sodda, go‘l,
vijdonlik yigitga bu qadar xo‘rlikdan o‘lim tansiqroqdir. Bir necha
shaxslarning orzusicha, ma'naviy o‘lim bilan o‘ldirildim. Endi jismoniy
o‘lim menga qo‘rqinch emasdir. Odil sudlardan men shuni kutaman va
shuni so‘rayman.
1926 yil, 16 iyun. Samarqand