Bu
hodisa ko‘pdan beri kutilayotgandi va u yaqin muddat ichida ro‘y
berishi shart edi. Negaki, bir yarim milliardlik Islom dunyosi o‘z
savollariga javob istayotgandi. Aks holda, G‘arb va Islom dunyosi
o‘rtasidagi yuzaga kelgan jarlik chuqurlashishda davom etishi aniq edi.
Tarixiy vazifani amalga oshirish esa Amerikaning birinchi qora tanli
prezideti Barak Obama zimmasiga tushdi va u, kuzatuvchilarga ta'biriga
ko‘ra, missiyani muvaffaqiyatli uddaladi. Iroq, Afg‘oniston va Falastin jumbog‘i Prezident
Barak Obama Yaqin Sharqqa safari chog‘ida - 4 iyun kuni Misr poytaxti
Qohirada nutq irod qildi. Oq uy sohibi aksariyat siyosatdonlar
tomonidan "halol va oshkora chiqish" deya baholanayotgan ma'ruzasida
so‘nggi yillarda Amerika va islom dunyosi o‘rtasida yuzaga kelgan
ziddiyatlarni ochiq tan olgan holda, ixtiloflarni bartaraf etish va
yakdil bo‘lib hamkorlik qilishga chaqirdi. Obama 2008 yilgi
saylov kampaniyasi davridayoq tashqi siyosatdagi muvaffaqiyatsizlikka
chek qo‘yish uchun musulmon davlatlardan birida Islom olamiga murojaat
qilish va Amerikadan qo‘rqish emas, uni yaxshi ko‘rish kerakligini
tushuntirishga va'da bergandi. Bir yarim milliardlik musulmon dunyosiga
murojaat qaysi davlatda yangraydi? Bu masalada turli taxminlar
aytilgani rost. Kimdir Barak Obamaning tarixiy ma'ruzasi yangraydigan
davlat sifatida Turkiyani, kimdir Indoneziyani, yana kimdir Saudiya
Arabistonini tilga oldi. Biroq pirovardida Barak Obama Misrni -
musulmon olamining qadimiy va shavkatli markazi bo‘lgan go‘shani
tanladi. Oq uy rahbari Qohiraning nomdor Al-Azhar
dorilfununidagi chiqishi chog‘ida Iroq masalasiga to‘xtalarkan,
«Bizning oldimizda ikki vazifa turibdi: Iroqning yorqin kelajagi uchun
ko‘mak berish va mamlakatni o‘z egalariga topshirish», deya vaziyatga
oydinlik kiritdi. Shuningdek, Obama Amerika Iroqda ham, Afg‘onistonda
ham doimiy harbiy baza qurmoqchi emasligini ta'kidladi. Prezident
tomonidan Falastin-Isroil ixtilofi masalasida aytilgan mulohazalar
Islom dunyosida, xususan, chorak asr davomida tahlika ichida hayot
kechirayotgan falastinliklar qalbidagi so‘nayotgan umid uchqunlarini
olovlantirdi. Obama millionlab yahudiy Ikkinchi jahon urushi davrida
qirg‘inga uchraganini inkor etib bo‘lmasligi, ammo 60 yil davomida
qochoqlar lagerida hayot kechirayotgan vatangado falastinliklar dardini
ham tushunish kerakligini urg‘uladi. Ushbu da'vat bilan Amerika rahbari
o‘zaro qirg‘inbarotga kirishib ketgan Falastin milliy muxtoriyatini
yakdil bo‘lish va o‘z davlatiga asos solish uchun dadil harakatga
undagandek bo‘ldi. Oq uy yetakchisi Isroilning Falastin
yerlarida manzilgohlar qurish harakatini tanqid qilib o‘tdi va bu
Vashington tomonidan ortiq dastaklanmasligini tushuntirdi. O‘z
navbatida, u AQSh va Isroil munosabatlari avvalgidek qolishi, Falastin
tomoni zo‘rovonlik yo‘lidan voz kechishi zarurligini ham eslatib o‘tdi.
"Insoniyat Islom tamadduni oldida qarzdor" Prezident
Amerika va Islom munosabatlariga alohida e'tibor qaratdi. Obama joriy
yilning aprelida Turkiyaga qilgan safari chog‘ida ham Qo‘shma
Shtatlarni xristian sivilizatsiyasi deb atash to‘g‘ri emasligini
aytgandi. Oq uy rahbari Qohirada mazkur fikrning mantiqiy davomi
sifatida Islom allaqachon Amerikaning ajralmas tarkibiy qismiga
aylangani, ushbu ulkan mamlakatda musulmonlar allaqachon o‘z
o‘rinlarini topganlarini ta'kidladi. Amerika yetakchisi butun insoniyat
Islom tamadduni oldida qarzdor ekanini, Yevropani halokatdan olib
chiqqan Uyg‘onish va Ma'rifatparvarlik harakati musulmon madaniyatidan
ozuqlanganini yodga soldi. "Musulmon jamiyatlarining ilg‘orlik
ruhi tufayli algebra tartib-qoidalari, magnitli kompass va navigatsiya
uskunalari, yozuv mahorati va nashriyotga ega bo‘ldik, kasalliklar
tarqalishi va ularni davolash yo‘llari haqida tushuncha hosil qildik.
Islom tamadduni bizga ulug‘vor arkalar va baland minoralar, vaqt
hukmiga bo‘ysunmaydigan she'riyat va jozibali musiqa, husni hattotlik
va huzur-halovat ila taffakur qilish imkonlarini berdi. Tarix davomida
islom so‘z va amal bilan diniy bag‘rikenglik va irqiy tenglik
imkoniyatlarini namoyish etdi" dedi Oq uy yetakchisi. Ayni
paytda Eron atom dasturi xalqaro siyosatning eng nozik masalalaridan
biri bo‘lib qolmoqda. Bu borada o‘z munosabatini ochiqlagan Amerika
yetakchisi Eron tinch atom dasturini bemalol amalga oshirishi
mumkinligi, ammo buning uchun rasmiy Tehron yadro qurolini tarqatmaslik
to‘g‘risidagi xalqaro hujjatlarga qat'iy rioya etishi shartligini bayon
qildi. Eron ko‘p yillar davomida Amerikaning raqibi
bo‘lganini e'tirof etgan Obama o‘tmishga emas, kelajakka qarab ish
tutish zarurligi, Vashington o‘zaro hurmat asosida munosabatlarni qayta
ko‘rib chiqishga tayyorligini izhor qildi. Albatta, tahlilchilar
ta'kidlaganidek, Vashington-Tehron munosabatlaridagi tugunlarning
birdaniga yechilishi - amri mahol. Ammo Amerika rahbarining birinchi
bo‘lib do‘stlik qo‘lini cho‘zgani va munosabatlarni o‘zaro hurmat
asosida qayta ko‘rib chiqishga chaqirgani - muhim o‘zgarish. "Salb yurishi"dan - ochiq muloqotga! 2001
yil 11 sentyabr voqealaridan keyin G‘arb dunyosida Islomga nisbatan
noto‘g‘ri qarashlar ildiz otdi. Qo‘shma Shtatlarning oldingi
ma'muriyati tomonidan e'lon qilingan terrorga qarshi urush taktikasi
mamlakatning xalqaro maydondagi obro‘siga soya solgani, Iroq va
Afg‘onistondagi operatsiyalar "yangi salb yurishi" deya izohlangani ham
bor gap. Ushbu qarashlar oxir-oqibat bir-biriga quloq osmaslik va
o‘zaro nafratga aylanib ketayozdi. Barak Obama ham G‘arb va Islom
dunyosi oxirgi yillarda bir-biriga o‘ta ehtiyotkorlik bilan munosabatda
bo‘lganini tan oldi. Ammo bu faqatgina g‘arazli maqsadlarni ko‘zlagan
ekstremistlarga qo‘l kelishi, ular musulmonlarning G‘arbga nisbatan
salbiy kayfiyatidan foydalanib qolishga urinayotganlaridan
ogohlantirdi. «Ishonchsizlik va ixtiloflar davri yakunlanishi
kerak, amerikaliklar va musulmonlar ekstremizmning barcha shakllariga
qarshi birgalikda kurashishi lozim», - dedi demokratlar vakili. Musulmon
dunyosi vakillari tomonidan alohida e'tirof etilayotganidek, Barak
Obama ma'muriyati dastlabki davrdanoq Islom diniga nisbatan shakllangan
noto‘g‘ri stereotiplarni o‘zgartirishga urinyapti. Masalan, joriy
yilning fevralida Amerikaning bosh diplomati Hillari Klinton Islom
dinini terrorizm bilan yonma-yon qo‘yish butkul qabul qilib bo‘lmas
holatligini ta'kidladi, Qo‘shma Shtatlar bilan Islom dunyo birlashuvi
zaruratiga urg‘u berdi. Barak Obama Al-Azhardagi chiqishida
demokratiya masalasiga ham e'tibor qaratdi. Amerika buyuk davlatchilik
da'vosida emasligini ta'kidlagan prezident "Hech qanday hukumat tizimi
bir davlat tomonidan boshqa bir davlat uchun belgilab berilmaydi va
bunday bo‘lmasligi ham lozim", deya suverenitet g‘oyasini yoqladi. U
shu bilan birga dunyoning har bir millati so‘z va fikr erkinligi, qonun
ustuvorligi, amallari shaffof bo‘lgan va xalq boyligini
o‘g‘irlamaydigan hukumatni orzu qilishini bayon qilarkan, ana shu
orzular ro‘yobi yo‘lida Amerika ko‘magiga va'da qildi. Ammo
vaziyatga real baho berib yillar davomida ildiz otgan murakkablik bir
kechada, birgina nutq bilan hal bo‘lib qolmasligini, buning uchun
muloqotni davom ettirish, faqatgina rost va ochiqchasiga so‘zlashish
zarurligini e'tirof etdi. Amerika rahbari ehromlar yurtidagi
chiqishida ko‘pchilikni o‘ylantirib kelgan dolzarb savollarga javob
berishga urindi. Eng muhimi, Vashington birinchi bo‘lib do‘stlik
qo‘lini cho‘zgan holda Islom olamiga yuz burdi. Bu esa G‘arb va Islom
dunyosi munosabatlarida yangi davrga qadam qo‘yilayotgani mujdasini
bermoqda. Barak Obama... O‘zbekistonni ham eslagan! Barak
Obamaning ma'ruzasiga izoh berib o‘tgan Amerikaning Toshkentdagi
elchisi Richard Norland: "Aksariyat aholisi musulmon bo‘lgan
O‘zbekistondagi ko‘plab odamlar mazkur nutqda aytib o‘tilgan mavzularga
qiziqish bildirishadi" deb aytgan. Yuqorida zikr
etganimizdek, Oq rahbari Obama insoniyat tarixida musulmonlarning
ilm-fan, tibbiyot, san'at, riyoziyot va adabiyot sohalaridagi ulkan
roli haqida gapirib o‘tdi. Amerika elchisining aytishicha, ushbu
sohalarning eng yorqin namoyandalari O‘zbekiston va Markaziy Osiyodan
yetishib chiqqanlar: IX asr riyoziyot olimi Muhammad al-Xorazmiy, uning
ismidan "algebra" va "algoritm" istilohlari paydo bo‘lgan; Buxoro
yaqinida tavallud topgan va G‘arbda Avitsenna nomi bilan tanilgan XI
asr tabibi va faylasufi Abu Ali ibn Sino; XV asrda Samarqandda yashagan
hukmdor va zamonaviy astronomiya hamda riyoziyot otasi deb
hisoblanadigan Mirzo Ulug‘bek; turkiy tillar, jumladan o‘zbek tilini
mo‘'tabar adabiyot tillari darajasiga ko‘targan XV asr shoiri Alisher
Navoiy. AQSh elchisi Richard Norland Islom dunyosiga qarata
qilingan murojaatni tarixiy hodisa der ekan, O‘zbekistondagi do‘stlari
va hamkasblarining bu boradagi fikr-mulohazalari va munosabatlarini
intiqlik bilan kutishini aytgan. Amerika elchisi e'tirof
qilganidek, Barak Obamaning mazkur chiqishiga dunyo siyosatdonlari va
diplomatlar allaqachon o‘z munosabatlarini izhor etmoqdalar. Xususan,
Amerika rahbari nutqiga munosabat bildirgan O‘zbekiston Tashqi ishlar
vazirligi AQShning yangi ma'muriyati tashqi siyosiy yondashuvda realizm
va pragmatizmga ustuvor ahamiyat qaratayotganini ijobiy baholagan.
Rasmiy Toshkent Oq uy rahbari chiqishini "tinchlik, adolatparvarlik va
taraqqiyot yo‘lida AQSh bilan dunyo musulmonlari o‘rtasida
hamkorlikning yangi yo‘llarini izlash borasidagi intilish" deb atagan.
Sobirjon Yoqubov |