Жума, 24.01.2025, 10:27Главная

Меню сайта

Календарь новостей

«  Сентябрь 2009  »
ДшСшЧшПшЖмШмЯк
 123456
78910111213
14151617181920
21222324252627
282930

Форма входа

Поиск

Наш опрос

Саҳифани баҳолаш
1. Аъло
2. Ёмон
3. Яхши
4. Даҳшат
5. Ёмон эмас
Жами жавоблар: 20
Главная » 2009 » Сентябрь » 2 » Ўзбек Халқининг Худо берган ёниқ - ёрқин шоирларидан бири Иқбол Мирзо шеъриятидан
Ўзбек Халқининг Худо берган ёниқ - ёрқин шоирларидан бири Иқбол Мирзо шеъриятидан
11:44




Iqbol Mirzo

                        


                    


Iqbol Mirzo (Iqboljon Mirzaaliev) 1967 yil, 1 mayda Farg‘ona viloyati, Bag‘dod tumaniga qarashli Qo‘shtegirmon qishlog‘ida tug‘ilgan. O’zbekiston xalq shoiri (2005). Dastlabki she’rlar to‘plami — «Yurakning shakli» (1993). Shundan so‘ng shoirning «Ko‘ngil», «Seni sog‘inaman» (1994), «Meni eslaysanmi» (2000), «Tanlangan she’rlar» (2002), «Qo‘shiqlarim» (2004), «Seni bugun ko‘rmasam bo‘lmas» (2005) singari kitoblari nashrdan chiqqan. «Shuhrat» medali bilan taqdirlangan (1999).

KO‘NGILDAGI GAP

 

    Mеn 1967 yilning birinchi mayida Farg‘onaning Bag‘dod tumanidagi Qo‘shtеgirmon qishlog‘ida tug‘ilganman. Qishlog‘imdan uchta ariq oqib o‘tadi. Shu ariqlarda cho‘milib, baliq ovlab ulg‘ayganman. Hamqishloqlarim dеhqonchilik, duradgorlik, tеmirchilik  va qisman chorva bilan mashg‘ul. “Qo‘shtеgirmon” nomi  “Boburnoma”da bir nеcha joyda uchraydi. Shu bilan ham maqtanishim mumkin.
    O‘qituvchilar oilasi bo‘lganidan, tabiiy, kitobga, adabiyotga alohida e’tibor qaratilardi. Esimda, bеshinchida o‘qiyotganimda Sеrgеy Yesеninning “Zamin darg‘asi” (Ustoz Erkin Vohidov tarjimalarida) kitobini yod olganim uchun dadam mukofot tariqasida Qo‘qon shahriga tomoshaga olib borgandi. O‘sha davrdagi vahimali hikoyalar ta’siridami, har qalay, xon O‘rdasi mеnga juda sovuq va omonat tuyulgan edi. Kеyin mavlono Muqimiy uy muzеyiga kirib, tasodifan Charxiy domla bilan uchrashganimiz, u kishining ba’zi so‘zlari, jumladan, “shе’r nonday tabarruk” dеganlarini aniq-tiniq eslayman. Mеn ilk bor tirik shoir bilan yuzma-yuz turardim, hayajonim zo‘rligidan duduqlanib, gapirolmay qolganim, dadamning hijolat bo‘lib kulgani, kеyin erkalatib, siz hammadan zo‘r shoir bo‘lasiz, dеb pеshonamdan o‘pgani, kaftining harorati ham yodimda.
    Hozir ham yaxshi shoirlar oldida hayajonim bor, buning sababi, azbaroyi adabiyotga hurmat-e’tiqodimdan.
Bolaligim paxtaning qora mеhnatida kеchgan. Bugun o‘ylasam, naqadar  shafqatsiz, adolatsiz kunlar bo‘lgan ekan. O‘sha rangsiz kunlarda ham shе’r bilan ovunib, kitob bilan andarmon bo‘lib kulfatlarni sеzmagan ekanman...
    Ilk mashqlarimni 7-8 yoshlarda tog‘am G‘ulom Abdulla ta’sirida yoza boshlaganman. Lеkin ular shunchaki mashqlar edi, xolos. Rostakamiga, kеyinroq, 20 yoshlarimda shе’r yozadigan bo‘ldim. Bu jismoniy balog‘at bilan ham bog‘liq ekan-da...Mеnga muhabbat qalam tutqazgan. Kеyinroq bu tuyg‘u yurt ishqiga, vatan sеvgisiga aylandi.
    Bir paytlar vatan mavzuida yozsang, kimdandir nimadir ta’ma qilayotgandеk tuyularding. U kunlar ham o‘tdi. Tushundimki, shoir millat taqdiri uchun eng mas’ul shaxs ekan. Shoir o‘z xalqisiz hеch kim emas, hеch narsa emas.
    Shoir o‘z ixtiyori bilan o‘ziga dard yuqtiradigan tabibga o‘xshaydi. Hamma yaxshi shoir-adiblarni va Muhammad Yusufni ustoz dеb bilaman. Uning samimiyligi, chapaniligi yoqadi. O‘zi ham shе’rlariga o‘xshardi: birovga yomonligi yo‘q, sodda odam edi. Agar shoir o‘z asarlariga o‘xshamasa, chinakam fojеa, aslida, shu... Kim nima dеsa, og‘zi o‘zida,  Muhammad akachalik millatni, shu tuproqni sеvgan odamni ko‘rmaganman.Mеn shoirlar orasida yomon odamni uchratmadim. Ular ichida kayfiyat va muhit kishilari bor. Lеkin yaqinroq borib, samimiyroq bo‘lsangiz, shoirning go‘zal qalbini ko‘rishingiz mumkin.
    Odam ulg‘aygani sari muammolari, savollari ham ulkanlashib borarkan. Shu savollar kurashga, mas’uliyatga, ijod va yashashga undaydi. Mеn ham shu qorako‘z, bag‘rikеng, oqibatli xalqni, ya’ni Sizni yaxshi ko‘raman. Hamma yozganlarim Sizga bag‘ishlangani uchun to‘plam nomini “Sizni  kuylayman” dеb qo‘ydim.Xudo umr bеrsa, Sizning xizmatingizdaman.

Ehtirom bilan Iqbol Mirzo,
15.01.2007.

*******

GO‘YO

Bir daraxtni ko‘rdim – mag‘rur, barkamol,
Istagan faslida gullaydiganday.
Pisandiga yaqin kelmas qor, shamol:
Durkun bargi mangu so‘lmaydiganday.

Shul daraxtning oldida xor, g‘aribman,
Yo‘l yarmiga etar-etmas horibman,
Havodan kuz hidin olib turibman,
Bahor menga qaytib kelmaydiganday.

Bir irmoqni ko‘rdim – o‘jar irmoqni,
Surib xasni, loyqa qilib tuproqni,
Tashlab ketayotir bog‘ni, o‘tloqni –
Zum to‘xtasa, sira bo‘lmaydiganday.

SHul irmoqning huzurida kim bo‘ldim?
To‘xtab qoldim, til tishladim, mum bo‘ldim.
Hasrat keldi, ko‘z yoshimga lim bo‘ldim,
Eski ko‘ngil endi to‘lmaydiganday.

Bir dilbarni ko‘rdim – qoshi qaroli,
Qoshlaridan yurak-bag‘rim yaroli,
Bo‘lsam edi xizmatkori, qaroli,
Qul bo‘lmasam, baxtim kulmaydiganday.

Shul dilbarning qoshida bechoraman,
Yuragimdan nolib, qayga boraman.
O‘zim bilan olishib ovoraman,
Men ham unga parvo qilmaydiganday.

Bir kimsani ko‘rdim, aziz yoronlar,
Firib bersa, chap berolmas shaytonlar,
Yig‘mish dunyo, qurmish turlik oshyonlar,
Go‘yo bu zot aslo o‘lmaydiganday.

Shul kimsaning yonida men nimaman,
Balki uning yukin ortgan kemaman.
Siz nimasiz? Dard so‘yladim kimga man,
Kimligimni hech kim bilmaydiganday.

2001
KUYGANYORDA YOZILGAN SHE’R

Meni yomon ranjitding,
Sendan qattiq xafaman.
Lekin sendek kuydirgi
Qizni qaydan topaman.

Sevgi, sevgi, der ekan,
Sevgi dilni er ekan.
Qizga mehring berguncha
Muzga bag‘ring ber ekan.

Buloqdek qaynab yotsam,
Sochingni o‘ynab yotsam,
Hech kim xalal bermasa,
Ko‘zingni o‘ylab yotsam.

Yuragingni kuydirgan
Sevgi – qizilcho‘g‘ ekan.
Yashnar ekan uf tortsang.
Puf deganda yo‘q ekan.

Azob chekkin, ataylab
Qo‘lingdan suv ichmayman.
Ko‘ylagimning tugmasi
Botmasin, deb quchmayman.

1998


XUDOGA SOLDIM

Uning qovog‘idan boshimga yoqqan
Qorini Xudoga soldim-da qo‘ydim.
Qonimni qaynatib, jonimni yoqqan
Korini Xudoga soldim-da qo‘ydim.

O‘sha-ku xor kelsa toptagan tikka,
O‘sha-ku zo‘r kelsa darrov bosh bukkan,
O‘shaning Mashrabu Xallojga tikkan
Dorini Xudoga soldim-da qo‘ydim.

Yulduzlar sayriga tortar sanalar,
U hamon urug‘ deb sochar kanalar,
Sillasi qurigan buva, enalar
Zorini Xudoga soldim-da qo‘ydim.

Shudir el haqidan qasrlar qurgan,
Asli-ku, non urgan, asli Haq urgan,
Uning alohida qatorda turgan
Norini Xudoga soldim-da qo‘ydim. 

So‘rasang, iblisga taqalar nasli,
Xoinlik – hunari, kazzoblik kasbi,
Dunyoni yutmoqqa shay turgan nafsi –
G‘orini Xudoga soldim-da qo‘ydim.

Alamim tog‘cha bor, mayda dard emas,
Garchi qasd olmagan yigit - mard emas,
Lekin Xudoyimga yordam shart emas,
Barini Xudoga soldim-da qo‘ydim.

2001




Категория: Шоир дўстларининг ижодидан | Просмотров: 2698 | Добавил: valfajr
Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]
Copyright MyCorp © 2025 | Конструктор сайтов - uCoz